“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJDA FIDOYI XODIMLAR MUNOSIB TAQDIRLANDI
Bugun, 26-avgust kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ majlislar zalida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezidentimiz farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak orden va medallari, shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyoti, iqtisodiy salohiyati va aholi farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, elektr energetikasi sohasini rivojlantirishda fidoyilik va tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan Jamiyat xodimlariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.


Marosimni Boshqaruv raisi Sardor Isakulov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizning o‘ttiz besh yillik taraqqiyot yo‘li, bu davrda erishilgan ulkan natijalar va sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.


Ta’kidlanganidek, energetika tizimidagi izchil o‘zgarishlar, sohada mehnat qilayotgan fidoyi mutaxassislarning samarali mehnati va mas’uliyatli yondashuvi, eng avvalo, aholini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash, yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va farovonlikni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.


Tadbir davomida sarhisob yilida respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, energetika sohasidagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun bir guruh Jamiyat xodimlarining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Elektr energetika kengashining “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida xizmat ko‘rsatgan energetik” faxriy unvoni bilan taqdirlangani ham alohida e’tirof etildi.

Tantanali marosimda taqdirlangan xodimlarga samimiy minnatdorlik bildirilib, ularga kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar, yangi yutuqlar va muvaffaqiyatlar tilab qolindi.

Zero, sohadagi har bir natija ortida o‘z ishiga sadoqat bilan yondashayotgan, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan fidoyi insonlarning munosib hissasi mujassam.