“HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ AYOL XODIMLARI XITOYDA ILG‘OR ISHLAB CHIQARISH TAJRIBALARINI O‘RGANMOQDA

"Hududiy elektr tarmoqlari" AJda inson kapitali salohiyatini rivojlantirish, xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish, shuningdek, ayollarning rahbarlik va ishlab chiqarish jarayonlaridagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda jamiyatning bir guruh ayol xodimlari Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahriga xizmat safariga yuborildi. Tashrif mahalliy korxona faoliyati bilan yaqindan tanishish, zamonaviy texnologiyalar, sifat nazorati tizimi va ishlab chiqarishni boshqarishning ilg‘or tajribalarini o‘rganish hamda o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasida gender tengligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati va milliy qonunchilik talablarining amaldagi ifodasi hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq, mehnat munosabatlarida, kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash va malaka oshirish sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishi kafolatlangan.

Xanchjoudagi "Holley Technology" Ltd. MCHJ QKga amalga oshirilgan tashrif davomida ishtirokchilar korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, intellektual hisoblagichlar va energetika sohasi uchun zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarish texnologiyalari, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish jarayonlari hamda xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilgan boshqaruv amaliyoti bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur tashrif natijasida orttirilgan bilim va amaliy tajribalarni jamiyat faoliyatiga tatbiq etish, ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirish hamda ayol xodimlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa "Hududiy elektr tarmoqlari" AJda gender tengligi tamoyillari amalda ta’minlanayotgani, xotin-qizlarning bilim va malakasini oshirishga, ularning kasbiy rivojlanishiga rahbariyat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy namunasidir.
