Samarqand shahar elektr ta’minotida “Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilish” mavzusida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Tadbir avvalida Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati mas’ullari tomonidan ish jarayonida ishlatiladigan uskunalar (texnikalar) va himoya vositalarining mehnat xavfsizligi talablariga mosligi, ularni saqlash, to‘g‘ri foydalanish, ogohlantiruvchi hamda xavfsizlik belgilari ko‘zdan kechirildi. Ishtirokchilarga ish jarayonida xavfsizlik choralarini ko‘rish, hushyorlikni yo‘qotmaslik, baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar tezkor dispetcherlik guruhining ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Mashg‘ulotlar davomida elektr toki ta’siridan tokka tushgan jabrlanuvchini qutqarish va unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashqlar ham bajarildi.
Mazkur o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarida qatnashayotgan yosh kadrlardan nazariy testlar olinib, ularning xavfsizlik texnikasiga oid bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Xavfsiz ish sharoitlarini tashkil etishni amaliy jihatdan o‘zlashtirish uchun uskunalarga xizmat ko‘rsatuvchi 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning kasb mahorati bo‘yicha tumanlararo musobaqalar, o‘quv seminarlar va mashqlar o‘tkazilib, bilim darajasi oshirilmoqda.