Farg'ona viloyati uchko‘prik tumanida og‘ir hudud toifasiga kiritilgan mahallalardagi mavjud muammolar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida izchil bartaraf etilmoqda.
Tuman markazidan olisda joylashgan, 1 ming 190 ta xonadonda 4 ming 500 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan “Oqsuv” mahalla fuqarolar yig‘ini ham og‘ir hududlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu mahallada dastur doirasida elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.
Xususan, mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga loyiha asosida 150 ga yaqin yangi tayanchlar o‘rnatilishi, 3,5 km uzunlikdagi yangi elektr uzatish tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida mahallaga yangi transformator punkti olib kelinib, o‘rnatildi va hozirda yangi 10 kVli elektr tarmog‘ini tortish ishlari bajarilmoqda.
Bu esa kelgusida hududdagi elektr ta’minoti sifatini sezilarli darajada yaxshilash, uzilishlarning oldini olish hamda elektr energiyasining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar nafaqat hududlar infratuzilmasini yaxshilash va aholi farovonligini oshirish, balki elektr energiyasining uzluksiz va barqaror yetkazib berilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.