Energetika vazirligi delegatsiyasi Indoneziyada qayta tiklanuvchi energiya manbalarining tarmoqqa integratsiyasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarida ishtirok etmoqda
2025-yilning 5 – 9-may kunlari O‘zbekiston Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari energetiklari delegatsiyasi Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining tarmoqqa integratsiyasi” (Variable Renewable Energy Integration to the Grid — VRE) mavzusidagi o‘quv-seminarida ishtirok etishmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir maqsadi — Indoneziya tomonidan o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa integratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosiy, texnik va institutsional yondashuvlar bilan tanishish hamda bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iborat.
O‘quv-seminar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziya Energetika va tabiiy resurslar vazirligi, tarmoq operatorlari va bir nechta muvaffaqiyatli VRE loyihalari joylarida bo‘lib, ularning faoliyati va boshqaruv mexanizmlari bilan yaqindan tanishmoqda.
Ushbu safar O‘zbekiston energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, ularni tarmoqqa integratsiya qilish hamda barqaror energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.