ALOQA UCHUN

Samarqand viloyati elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha tender yakuniga yetdi

Samarqand viloyati elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha tender yakuniga yetdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PQ-308-son qarori ijrosi doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlikda Samarqand viloyati elektr energiyasi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy operator boshqaruviga berish bo‘yicha tender jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Mazkur loyiha uchun IFC ko‘magida konsessiya hujjatlari ishlab chiqilib, 2024-yil 28-oktabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 03/1-2862-son bilan tasdiqlandi. Shundan so‘ng, 2024-yil 28-oktabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy veb-saytlarida tender e’lon qilindi.

 

Birinchi bosqichda 10 ta yirik xalqaro kompaniya ishtirok etdi

2025-yil 4-fevral kuni tenderning birinchi bosqichi — malaka tanlovi yakunlandi. Unda 10 ta yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirok etib, o‘z malaka so‘rovlarini taqdim etdilar. Jumladan:

     1. EDF (Fransiya)

     2. ACTIS (Buyuk Britaniya)

     3. Kansai Electric Power Co. (Yaponiya)

     4. Sojitz Corporation (Yaponiya)

     5. AKSA (Turkiya)

     6. Cengiz Enerji (Turkiya)

     7. ADM Electric (Turkiya)

     8. Çalık Enerji (Turkiya)

     9. State Grid International (Xitoy)

     10. China Southern Power Grid International (Xitoy)

IFC tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, 2025-yil 28-mart holatiga tenderning birinchi bosqichi yakunlanib, 9 ta kompaniya keyingi bosqichga o‘tkazildi. Sojitz Corporation kompaniyasi malaka talablariga javob bermagani bois ikkinchi bosqichga kiritilmadi.

 

Ikkinchi bosqich muddati investorlar taklifiga ko‘ra uzaytirildi

Aslida tenderning ikkinchi bosqichi 2025-yil 30-avgustda yakunlanishi belgilangan edi. Ammo investorlarning qo‘shimcha talab va takliflarini inobatga olgan holda, IFC tavsiyasi asosida yakuniy muddat 15-oktyabrgacha uzaytirildi.

2025-yil 15-oktyabr kuni soat 18:00 ga qadar uch nafar ishtirokchidan moliyaviy va texnik takliflar qabul qilindi:

  •      • Électricité de France (EDF) va Kansai Electric Power konsorsiumi
  •      • Cengiz Enerji San. Ve Tic. A.S.
  •      • AKSA Elektrik Perakende Satış A.Ş.

 

Moliyaviy takliflar ko‘rib chiqildi

2025-yil 20-oktyabr kuni tender komissiyasi tomonidan uch kompaniyaning takliflari ko‘rib chiqildi. Moliyaviy takliflar quyidagicha bo‘ldi:

  •      • AKSA Elektrik Perakende Satış A.Ş. — 632,8 mln AQSH dollari
  •      • Cengiz Enerji San. Ve Tic. A.Ş. — 725,35 mln AQSH dollari
  •      • EDF & Kansai Electric Power konsorsiumi — 639,21 mln AQSH dollari

IFCning mustaqil baholash hisobotlari asosida takliflarning to‘liq ekspertizasi amalga oshirildi.

 

Tenderning g‘olibi aniqlandi

Baholash natijalari bo‘yicha tender komissiyasi “Samarqand viloyati elektr taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish va xususiy sektorga berish” loyihasining ikkinchi bosqichi bo‘yicha quyidagi qarorga keldi:

  •      “AKSA Elektrik Perakende Satış A.Ş.” — tender g‘olibi,
  •      “EDF” va “Kansai Electric Power” konsorsiumi — zahira g‘olibi etib belgilandi.

 

Loyiha ahamiyati

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Samarqand viloyatida:

  •      • elektr ta’minotining barqarorligini oshirish,
  •      • tarmoqlarni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalar jalb etish,
  •      • zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish,
  •      • energiya samaradorligini oshirish

kabi bir qator ustuvor maqsadlarning amalga oshishiga xizmat qiladi.

 

  • 02.12.2025
  • 49
Sayt xaritasi