“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr ta’minoti sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi, iste’molchilar murojaatlarining o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash yuzasidan nazorat-o‘rganish tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Jamiyatning Shartnomaviy xizmatlar va mahsulot ishlab chiqarishni monitoring qilish boshqarmasi mas’ullari tomonidan Toshkent viloyatining Yangi Yo‘l tumani, Ohangaron va Chirchiq shaharlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim obyektlarda elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha belgilangan tartib va talablar buzilgani aniqlandi.

Xususan, tegishli shartnomalar rasmiylashtirilmasdan, belgilangan to‘lovlar amalga oshirilmasdan hamda zarur texnik hujjatlar tayyorlanmasdan qurilish-montaj ishlari bajarilgani va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlariga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, elektr tarmoqlariga noqonuniy ulangan iste’molchilar tarmoqdan ajratilmoqda. Shu bilan birga, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan mas’ul xodimlardan tushuntirish xatlari olinib, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish hamda tegishli choralar ko‘rish ishlari olib borilmoqda.


Elektr tarmoqlariga ulanishda belgilangan qonuniy tartib va texnik talablarga qat’iy rioya etish har bir iste’molchining mas’uliyatidir.