“Hududiy elektr tarmoqlari” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keskin choralar ko‘riladi
Bugun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligi va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarga qaratilgan profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibiy filial va korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etishni oldini olish, ularni kelib chiqishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish, tizim xodimlari tomonidan o‘tgan davrda sodir etilgan jinoyatlar va huquqbuzarliklar ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura prokurori, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat xizmati boshlig'i hamda boshqa mas’ullar boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda korrupsion holatlarni oldini olishga qaratilgan raqamlashtirish jarayonlarini davom ettirish, sohadagi korrupsion holatlarni bartaraf etish, jumladan, sohada manfaalar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga keng urg‘u berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda tizim tarkibidagi korxonalarda korrupsion omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiva huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan xamkorlikda yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi, kelgusida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarning bevosita rahbarlari hamda korxona rahbarlariga nisbatan ham intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi hamda jamiyat tizimidagi xodimlar tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar va huquqbuzarliklar haqida kelib tushadigan murojaatlarni tahlil qilish hamda ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha qa’tiy nazorat o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan bir qatorda yig‘ilishda shaxsiy manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga yo‘l qo‘yilmasligi tushuntirildi.