ALOQA UCHUN

KASBIY MAHORAT – XAVFSIZ ISHNING KAFOLATI: OLTIARIQDA ENERGETIKLAR BELLASHUVI O‘TKAZILDI

KASBIY MAHORAT – XAVFSIZ ISHNING KAFOLATI: OLTIARIQDA ENERGETIKLAR BELLASHUVI O‘TKAZILDI

“Farg‘ona HETK” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida joriy yilning 20-may kunidan 20-iyun kuniga qadar “Xavfsizlik texnikasi” oyligi e’lon qilingan.

Mazkur oylik doirasida Oltiariq tuman elektr ta’minoti korxonasida “Kasbiy mahorat – xavfsiz mehnat” shiori ostida amaliy va nazariy bellashuv tashkil etildi. Unda viloyatning Marg’ilon shahri, Yozyovon, Rishton, Qo’shtepa, Bag’dod hamda mezbon Oltiariq tuman elektr ta’minoti korxonalari jamoalari ishtirok etdi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar bir qator amaliy va nazariy sinovlardan o‘tishdi. Avvalo, ular elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni aniqlab, ularni xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda bartaraf etish bo‘yicha o‘z malakalarini namoyon etdilar.

Shuningdek, mehnat muhofazasi qoidalariga asoslangan holda xavfsiz ish joyini tashkil etish bo‘yicha ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi. Bu esa har bir xodimning real ish sharoitida qanday harakat qilishi kerakligini amalda ko‘rsatdi.

Favqulodda vaziyatlarda, xususan, elektr toki urgan shaxsga birinchi yordam ko‘rsatish, uni to‘g‘ri va tezkor tarzda xavfli muhitdan olib chiqish, hamda tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. 

Ishtirokchilar shartli jabrlanuvchiga ko‘rsatiladigan yordam tartibini puxta egallaganliklarini isbotladilar.

Bundan tashqari, nazariy bilimlarni baholash maqsadida xavfsizlik qoidalari va texnik me’yorlar bo‘yicha test sinovlari ham tashkil etildi. Bu sinovlar mutaxassislarning texnik savodxonligi, hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalari va xavfsizlik borasidagi bilim darajasini aniq ko‘rsatib berdi.

Bunday bellashuvlar energetika xodimlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda jamoaviy ruhni kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.

  • 17.06.2025
  • 56
Sayt xaritasi