Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’limni ishlab chiqarish jarayonlari bilan integratsiya qilish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlash hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Toshkent davlat texnika universiteti Energetika muhandisligi fakultetining “Elektr ta’minoti” kafedrasi hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Ilmiy-texnik va xodimlarni malakasini oshirish markazi” filiali hamkorligida dual ta’lim tizimi asosida o‘quv jarayonlari tashkil etilmoqda.

2026–2027-o‘quv yili uchun tomonlar kelishuviga muvofiq, “Elektr ta’minoti” kafedrasining 4-guruhi talabalari uchun maxsus haftalik dual ta’lim jadvali ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Mazkur ta’lim shakli talabalarning nazariy bilimlarini chuqurlashtirish, ularni amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlash va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Dual ta’lim dasturi doirasida talabalarning samarali bilim olishi, o‘zaro fikr almashishi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda guruhli muhokamalarni tashkil etish uchun maxsus jihozlangan o‘quv xonalari ajratilgan.

Talabalar nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, transformator punktlari va elektr qurilmalarida tashkil etilayotgan amaliy darslarda ham ishtirok etmoqda. Bu jarayonda ular elektr uskunalarining ishlash prinsiplari, podstansiyalar va transformatorlarning tuzilishi hamda elektr ta’minoti tizimining o‘ziga xos jihatlari bilan bevosita tanishmoqda.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar zarur shaxsiy himoya vositalari, jumladan, himoya kaskalari bilan ta’minlanib, tajribali mutaxassislar va ustozlar rahbarligida amaliy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirmoqda.

Dual ta’lim tizimining ushbu shaklda yo‘lga qo‘yilishi energetika sohasi uchun nazariy bilim va mustahkam amaliy ko‘nikmalarga ega, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.