ALOQA UCHUN

SAMARQANDDA AHOLI MUAMMOLARI JOYIDA O‘RGANILDI

Samarqand tuman elektr ta’minoti korxonasida aholi va tadbirkorlik subyektlari murojaatlarini o‘rganish hamda ularni tezkor hal etishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.


Unda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" boshqaruv raisining o'rinbosari Feruz Qurbonov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.


Qabul davomida fuqarolar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq dolzarb masalalar batafsil ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning muayyan qismi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi masalalar esa nazoratga olinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.


Jumladan, Shalg‘amon va Gulobod mahallalari fuqarolari tomonidan ko‘tarilgan simyog‘ochlarni almashtirish masalasi ijobiy yechim topadigan bo‘ldi. Unga ko‘ra, hududlarda bosqichma-bosqich beton ustunlar o‘rnatilishi rejalashtirildi.


Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan mavjud podstansiyalar quvvatini oshirish zarurati yuzasidan bildirilgan takliflar ham muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilishi ma’lum qilindi.


Mutasaddilarning ta’kidlashicha, sayyor qabullar aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

  • 05.05.2026
  • 36
Sayt xaritasi